Dimensity 1000 protsessorli ilk 5G-smartfon – Oppo Reno 3 taqdim etildi

  •   DiMaX
  •  1092
  •  26.12.2019 15:26

Dimensity 1000 protsessorli ilk 5G-smartfon – Oppo Reno 3 taqdim etildi

MediaTek kompaniyasi 5G tarmoqlarini qo‘llovchi, 7 nanometrlik tex-jarayonga asoslangan Dimensity 1000 chipsetini taqdim qilgan edi. AnTuTu benchmarkining etalon testida u Snapdragon 855+ va hattoki Apple A13 Bionic protsessorlarini ham yengib, rekord natija ko‘rsatgan.

O‘QING: Birinchi «o‘ldirib bo‘lmas» 5G-smartfon eng kuchli protsessorga ham ega!

Bugun – 26 dekabrda esa MediaTek Dimensity 1000 platformali birinchi smartfon – Oppo Reno 3 namoyish etildi. Aksariyat yangi qurilmalarning rasmiy taqdimotidan to bozorga chiqqunicha bir necha hafta yoki hatto oylab vaqt o‘tadigan bo‘lsa, Oppo bunday qilmayapti. Reno 3 smartfonini shu yilning so‘nggi kuni – 31 dekabr sanasidanoq xarid qilish mumkin bo‘ladi.

MediaTek Dimensity 1000 chipseti (Oppo Reno 3 modelida uning Dimensity 1000L modifikatsiyasi qo‘llangan) jamlanmasida 5G-modem ham mavjud. Smartfon taqdimot tadbirida uning qudratini ko‘rsatish uchun beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ida o‘yin o‘ynab hamda Full HD formatida videoqo‘ng‘iroq qilib ko‘rsatishdi.

O‘QING: Rossiyada allaqachon 5G tarmog‘ida golografik qo‘ng‘iroq qilib ko‘rsatishdi! (+video)

Oppo Reno 3 tezkor/doimiy xotirasi hajmiga ko‘ra ikki xil modifikatsiyada taklif etiladi va narxlari ham shunga yarasha. Uning 8/128 gigabaytlik talqini uchun 485 AQSh dollariga, 12/128 gigabaytligi uchun esa 530 dollarga teng narx belgilangan.

Smartfonning old kamerasi 32 megapiksellik yakka datchikdan iborat bo‘lib, ekranning tomchisimon kemtigiga joylangan. Shuningdek, displeyga uchinchi avlod optik barmoq izi skaneri ham joriy etilgan.

Oppo Reno 3 bosh kamerasi to‘rt modulli bo‘lib, qo‘shaloq optik barqarorlashtirish tizimiga ega. Uning asosiy sensori esa 64 megapiksellik aniqlikda.

Smartfonning 4025 mA/soatlik akkumulyatoriga Oppo ishlanmasi – VOOC 4.0 tezkor quvvatlash texnologiyasi tatbiq etilgan. Korpus qalinligi 7,96 millimetrga teng, vazni esa 181 gramm tosh bosadi.

O‘QING: Oppo A91 va Oppo A8'lar dizayni bilan tanishamiz

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!