«Qualcomm, nariroq suril!» – MediaTek ikkinchi 5G-protsessorini taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  684
  •  25.12.2019 15:26

«Qualcomm, nariroq suril!» – MediaTek ikkinchi 5G-protsessorini taqdim etdi

O‘tgan oyda MediaTek kompaniyasi 5G tarmoqlarini qo‘llovchi, 7 nanometrlik tex-jarayonga asoslangan Dimensity 1000 chipsetini taqdim qilgan edi. AnTuTu benchmarkining etalon testida u Snapdragon 855+ va hattoki Apple A13 Bionic protsessorlarini ham yengib, rekord o‘rnatgan.

O‘QING: Birinchi «o‘ldirib bo‘lmas» 5G-smartfon eng kuchli protsessorga ham ega!

Tayvanlik ushbu chipsoz dekabrning oxirida ikkinchi 5G-protsessorini namoyish etishi aytilayotgandi va shunday bo‘lib chiqdi ham. MediaTek’ning yangi mahsuloti Dimensity 800 deb atalgan va o‘rta narxli smartfonlarga mo‘ljallangan.

Dimensity 800 keyingi yilning birinchi choragida ommaviy ishlab chiqarila boshlaydi; unga asoslangan birinchi qurilmalar esa ikkinchi chorakda chiqsa kerak. Biroq internetda allaqachon Redmi 9 (yoki Redmi 9 Pro) smartfonida aynan mana shu chipset qo‘llanishi haqida gap-so‘zlar tarqalmoqda.

O‘QING: Xiaomi kompaniyasi Redmi 8’dan naq ikki karra kuchli arzon smartfon tayyorlayapti!

Yangi protsessorning imkoniyatlari hozircha oshkor etilmay turibdi, lekin asosiy parametrlari allaqachon ma’lum. Dimensity 800 ikkita klasterdan iborat: ulardan birinchisi 2,6 GGs takt chastotali to‘rtta Cortex-A77 yadrosini o‘z ichiga olsa, ikkinchisi 2,2 GGs chastotasida ishlovchi to‘rtta Cortex-A55 yadrosidan iborat. Shuningdek, chipset jamlanmasi tarkibiga Mali-G77 MP9 grafik tezlatgichi va albatta, beshinchi avlod uyali aloqa tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlovchi Helio M70 rusumli 5G-modem ham qo‘shilgan.

Xususiyatlariga qaraganda, Dimensity 800 amerikalik chipsozning Snapdragon 765/765G protsessorlari bilan bellasha oladi; ammo hali uni benchmarklarda tekshirib, imkoniyatlarini baholab ko‘rsatishmagan. Umumiy hisobda esa MediaTek kompaniyasi 5G-modemli protsessorlar soni bo‘yicha 2:1 hisobi bilan Qualcomm’dan oldinda.

O‘QING: Speedtest sinovi: Samsung, Apple va Huawei – qay birida internet eng tezkor?