AMOLED-displey, 64 MP kamera, NFC va 12 GBgacha «operativka»li 5G-smartfon – €329dan boshlanuvchi narxlarda!

  •   DiMaX
  •  515
  •  12.06.2021 12:02

AMOLED-displey, 64 MP kamera, NFC va 12 GBgacha «operativka»li 5G-smartfon – €329dan boshlanuvchi narxlarda!

«Aslo qotmas» smartfonlar chiqarib kelayotgan OnePlus kompaniyasi bultur eng arzon smartfoni – OnePlus Nord modelini chiqargan edi. Gizmochina nashri uni «eng yaxshi arzon 5G-smartfon, deya e’tirof etgan.

O‘QING: iPhone SE 2020 vs Pixel 4a vs OnePlus Nord: kamera jangida kutilmagan g‘olib! (video)

Kompaniya keyinchalik ushbu turkumda hamyonbop OnePlus Nord N10 5G hamda OnePlus Nord N100 modellarini ham taqdim etgan va Consumer Reports tahlil kompaniyasi ularni o‘z narx toifasidagi eng kuchli avtonomlikka ega smartfonlar, deya tan olgan. Endi esa seriyaning yangi vakili – OnePlus Nord CE 5G ham namoyish etildi. Yangi smartfon bulturgi OnePlus Nord’ning soddalashtirilgan versiyasidir: tashqi qiyofasi unga o‘xshaydi, ammo texnik xususiyatlari o‘zga.

Kompaniya bu telefonini NFC moduli hamda Bluetooth 5.1 interfeysi bilan ta’minlagan. Unda ikkita nanoSIM kartasi uchun slot va standart quloqchin tirqishi ham bor. Smartfonda sakkiz yadroli Snapdragon 750G protsessori qo‘llangan, kompaniya uni 8 yoki 12 GBlik tezkor, 128 yoxud 256 GBlik doimiy xotirali konfiguratsiyalarda taklif etadi.

OnePlus Nord CE diagonaliga 6.43 dyuymlik, AMOLED-matritsali ekranga ega. Displeyda kadr yangilanishi 90 gerslik, tasvir aniqligi esa FHD+ formatida. Ekranning yuqori chap burchagida o‘yilgan tirqishda 16 megapiksellik selfi sensori joylangan.

OnePlus Nord CE bosh kamerasi uchtalik: 64 MPlik asosiy modul (f/1.79 diafragmali), keng burchakli ob’yektivga ega 8 MPlik sensor (f/2.25) hamda aniqligi 2 MPlik (f/2.4) makrokamera. Kamera tungi s’yomka rejimini, shuningdek Portrait Mode, UltraShot HDR hamda sahnalarni tanib oluvchi AI Scene Detection intellektual funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Smartfonni qulfdan chiqarish uchun old kamerada yuzni tanish tizimi, shuningdek, bu narx toifasida noyob hisoblanuvchi ekranosti daktiloskop ham mavjud.

O‘QING: AnTuTu: May oyida egasini rozi qilgan smartfonlar reytingida bulturgi flagmanlar yetakchi!

OnePlus Nord CE akkumulyatori 4500 mA/soatlik bo‘lib, unda kompaniyaning o‘z ishlanmasi – Warp Charge 30 Plus tezkor quvvatlash texnologiyasi joriy etilan. Uning yordamida smartfon batareyasini noldan boshlab 70 foizgacha to‘ldirish uchun 30 daqiqa vaqt kifoya qiladi.

Ishlab chiqaruvchi Nord CE 5G modelini qadoqdanoq Android 11 operatsion tizimi hamda OxygenOS 11 grafik qobig‘i bilan ta’minlagan; u esa to‘qrang interfeysni, Always-On Display hamda Zen Mode rejimlarini o‘z ichiga olgan. OnePlus bu smartfonini uch yilgacha yangilab turishni va’da qilmoqda: ikki yillik operatsion tizim (Android 12 va Android 13) apdeytlari hamda uch yillik xavfsizlik patchlari.

Mazkur gadjetga bag‘ishlab OnePlus tayyorlagan rasmiy videorolikni tomosha qilamiz:

OnePlus Nord CE 5G allaqachon Yevropa bozoriga chiqdi: uning tezkor/ichki xotirasi 8/128 GBlik varianti uchun 329 yevro, 12/256 gigabaytligi uchun esa 399 yevro miqdorida narx belgilangan.

O‘QING: Dunyo smartfon bozorining 70 foizi shu beshtagina kompaniyaga tegishli!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.