AnTuTu: eng qudratli flagmanlar reytingida tub burilish! (2020 yil avgust)

  •   DiMaX
  •  2106
  •  03.09.2020 09:57

AnTuTu: eng qudratli flagmanlar reytingida tub burilish! (2020 yil avgust)

O‘z an’anasiga ko‘ra, ommabop AnTuTu benchmarki avgust oyi holatiga ko‘ra eng kuchli smartfonlar reytingini chiqardi. Mazkur ro‘yxat xitoylik foydalanuvchilarning ushbu servisdagi tekshiruvlari natijalariga asoslangan.

O‘QING: Beshta narx toifasidagi eng zo‘r Android-smartfonlar (AnTuTu reytinglari, 2020 yil iyul)

Xiaomi o‘zining o‘n yilligiga bag‘ishlab taqdim etgan yubiley superflagmani – Mi 10 Ultra (Xitoy bozorida – Mi 10 Extreme Commemorative Edition) bu reytingda 646 730 ball bilan g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.

Vivo kompaniyasining o‘yinbop qurilmalarga moslashgan iQOO brendi namoyish qilgan geymerofon – iQOO 5 esa 637 616 ball bilan kumush medal sovrindori bo‘ldi. Kuchli uchlikni Asus kompaniyasi taqdim etgan eng zo‘r o‘yinbop smartfon – ROG Phone 3 modeli 629 245 ball bilan yakunlab berdi.

Mana, xitoylik foydalanuvchilar tekshiruvlari bo‘yicha avgustning eng kuchli flagmanlari o‘ntaligi:

Ko‘rib turganingizdek, top-o‘ntalikning qolgan o‘rinlarini tegishlicha Black Shark 3S (620 311 ball), Vivo X50 Pro+ (608 396 ball), Oppo Find X2 Pro (607 276 ball), Oppo Find X2 (600 976 ball), Xiaomi Mi 10 Pro (600 618 ball), iQOO Neo 3 (599 955 ball) hamda Redmi K30 Pro (595 738 ball) modellari egallagan.

O‘QING: Eng kuchli flagmanlar bilan tanishamiz! (AnTuTu global reytingi, 2020 yil iyul)

Qizig‘i shundaki, reytingdagi ilk ikkita o‘rinni olgan smartfonlar Snapdragon 865 chipseti bazasiga qurilgan. Qualcomm kompaniyasi 8 iyul kuni taqdim etgan flagman – Snapdragon 865+ protsessori undan zo‘r bo‘lsa-da, unga tayanuvchi geymerofon uchinchi o‘rinnigina ola bilgan.

Umuman, ro‘yxatda ROG Phone 3’dan boshqa barcha modellar o‘sha bitta – Snapdragon 865 protsessori asosida ishlaydi. AnTuTu mutaxassislari buni shunday izohlashmoqda: nazariy jihatdan olganda Snapdragon 865+ undan kuchliroq, ammo smartfonsozlarning o‘zlari tomonidan amalga oshiriluvchi optimizatsiya ishlari chipsetlarda apparat ta’minoti darajasidagi o‘zgarishlardan ko‘ra muhimroqdir.

Yana bir muhim o‘zgarish: Oppo kompaniyasining Find X2 Pro flagmani mart oyidan buyon xitoycha reytinglarda birinchi o‘rinni qo‘ldan bermay kelayotgan, iyun va iyulda esa global miqyosda ham liderlikka erishgan edi. Nihoyat, uni taxtdan ag‘darishdi – bu gal unga atigi oltinchi o‘rin tekkan!

Darvoqe, yetakchi smartfonsozlardan sanalgan Samsung hamda Huawei kompaniyalarining birortayam modeli kuchlilar ro‘yxatiga kirmaganini ham ta’kidlab o‘tish o‘rinli.

Birozdan so‘ng o‘rta narxli eng zo‘r smartfonlar bo‘yicha AnTuTu reytingi ham e’lon qilinadi, bizni kuzatishda davom eting.

O‘QING: AnTuTu eng kuchli mobil protsessorlar reytingini chiqardi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!