Xitoyliklarning bu smartfoni AnTuTu reytingini «portlatdi»!

  •   DiMaX
  •  4840
  •  27.07.2020 16:23

Xitoyliklarning bu smartfoni AnTuTu reytingini «portlatdi»!

Asus kompaniyasining uchinchi avlod geymerofoni – ROG Phone 3 modeli taqdimotidan avvalroq AnTuTu benchmarkida rekord o‘rnatgan edi. Lekin u bilan bir kunda chiqqan yana bir flagman – Lenovo kompaniyasining Legion Duel (yoki Lenovo Legion) smartfoni uni tor-mor etgan.

O‘QING: AnTuTu’ning yangi «qirol»ini «jonli» videoda ishlatib ko‘rsatishdi!

Aytish kerakki, yuqoridagi ikkita model ham Qualcomm kompaniyasi yaqindagina taqdim etgan flagman – Snapdragon 865+ chipsetiga tayangan. Samsung kompaniyasi ham ular bilan bir kunda, ayni shu protsessor bazasida tayyorlangan Galaxy Z Flip 5G buklamafonini namoyish qilgan. Endi esa bu chipsetni ZTE korporatsiyasiga qarashli Nubia kompaniyasi Red Magic 5S rusumli o‘yinbop smartfonini tayyorlamoqda. Xiaomi esa o‘yinbop mahsulotlarga ixtisoslashgan brendga mansub, Snapdragon 865+ chipli Black Shark 3S flagmani taqdimot kunini allaqachon e’lon qilgan.

Lekin kutilmaganda AnTuTu benchmarkida «Xitoycha Apple»ning hali rasman taqdim etilmagan, Xiaomi M2007J1SC model raqami ostidagi smartfon tekshirib ko‘rilgani aniqlandi. Bu servisda shu kungacha kuzatilgan eng yuqori baho Legion Duel’ga tegishli – 648 871 ball edi, yangi Xiaomi flagmani esa uni ham ancha orqada qoldirib, misli ko‘rilmagan 687 422 ball natija ko‘rsatgan!

Ammo eng qizig‘i Xiaomi M2007J1SC smartfonining samaradorlik natijasi ham emas! Ishonasizmi, u oldingi rekordchilar kabi eng qudratli Snapdragon 865+ emas, balki undan bitta oldingi – «oddiy» Snapdragon 865 protsessori bazasida ishlar ekan! Aftidan, Xiaomi muhandislari Qualcomm kompaniyasining oldingi flagman chipsetini «siqib suvini chiqarish» yo‘lini topishgan.

Yangi afsonaviy rekord o‘rnatgan smartfonning bozorga Xiaomi Mi 10 Pro Plus nomi bilan taqdim etilishini aytishmoqda. Uning kompaniya ichida qo‘llanayotgan kodli nomi esa Mi 10 Pro Super Cup bo‘lib, keyingi kunlarda Xiaomi rahbari Ley Szun (Lei Jun) bir necha bor unga ishora qilib gapirgan.

Biz avvalroq haam yozganimizdek, Xiaomi ushbu modeli orqali xitoylik texnogigantning flagmani – 10 karralik zumli Huawei P40 Pro Plus smartfoni bilan raqobatlashmoqchi. «Xitoycha Apple» mazkur qurilmasini avgust oyining birinchi yarmida rasman namoyish etilishi kutilmoqda, bu boradagi yangiliklarni Terabayt.uz bilan birga kuzatishda davom eting.

O‘QING: Dunyodagi eng qudratli o‘nta smartfon (AnTuTu global reytingi, 2020 yil iyun)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!